O'zbekiston

Taksistlar uchun xavfli tuzoq!

09.02.2026
Taksistlar uchun xavfli tuzoq!

Kirakashlarni organ xodimlariga tutib berish bilan shug‘ullangan shaxslar bor ekan!

Oliy sud rahbariyati o‘tkazgan press-konferensiya jarayonida Qashqadaryo viloyatida soxta jabrlanuvchilar masalasi ko‘tarilganidan so‘ng jamiyatimizga bu borada murojaatlar ko‘paymoqda. Murojaatlarda Surxondaryo viloyatida ko‘rilgan o‘nga yaqin jinoyat ishida M. ismli shaxs jabrlanuvchi sifatida o‘tib, poytaxtga qatnovchi bir qancha taksi haydovchilarini tutib bergani ta’kidlanadi.

M. ismli fuqaro kirakashlarga qo‘ng‘iroq qilib, poytaxt dorixonalaridan “Benzonol”, “Tramadol” singari psixotrop dori vositalarini olib kelishni buyurgan. Dori vositalari olib kelinganidan so‘ng esa ularni organ xodimlariga tutib berish bilan shug‘ullangan.

Murojaatlarga ilova qilingan sud qarorlarida hojatbaror kirakashlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 251¹-moddasi bilan javobgarlikka tortilgani ko‘rsatilgan.

Oliy sud rahbariyati bunday amaliyotni qoralab, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirishda shartli xaridorlar va jabrlanuvchilar bilan bog‘liq muammolar borligini tan oldi. Shuningdek, nohaq ayblangan shaxslarning bir nechtasiga oqlov hukmlari berilgani e’tirof etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda umumiy yurisdiksiya sudlari o‘tgan yili 4 milliondan ortiq ishlarni ko‘rib chiqqan. Agar ahvol shu tariqa davom etsa, ishlar soni ortib borib, bu ishlarning ko‘rilish sifatiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Kelinglar, tizimni o‘zgartiraylik. Oliy sud raisi, Bosh prokuror, IIV, DXX rahbarlari tezkor qidiruv faoliyati masalasida dumaloq stol atrofida o‘zaro gaplashib olishsin, uchrashuv tafsilotlari jamoatchilikka e’lon qilinsin. Muhokamalarda deputat va senatorlar, jamoatchilik vakillari, advokatlar ishtirok etsin, hamma qiynalib ketdi.

Abdurahmon Tashanov

Manba

O'xshash maqolalar