O'zbekiston

Narkolaboratoriyadan 1 mln dollarlik giyohvandlik vositalari va xom-ashyolar olindi

13.02.2026
 Narkolaboratoriyadan 1 mln dollarlik giyohvandlik vositalari va xom-ashyolar olindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida narkolaboratoriyalarni aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha kompleks tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, “Telegram” messenjeridagi narkodo‘kon kuratorlari tomonidan belgilangan joylarga qoldirib ketilgan, sintetik giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan katta miqdordagi perekursorlar aniqlanib, operativ kuzatuvga olindi.

Tezkor tadbir davomida ushbu perekursorlarni olish uchun kelgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2002 y.t. ikki nafar fuqaro qo‘lga olinib, ular tomonidan Andijon shahrining “Bog‘ishamol” mahallasida narkolaboratoriya tashkil qilinganligi aniqlandi.

Natijada, ushbu manzildan qora bozordagi umumiy taxminiy narxi 1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 26 kg “Mefedron” sintetik narkotik moddasi hamda giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar va kimoviy moddalar, laboratoriya jihozlari, 10-20 litr hajmli yelim idishlar, kontenerlar, respiratorlar, rezina qo‘lqoplar va boshqa zarur anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, qonunbuzarlardan biri ushbu dala hovlini internet narkodo‘kondagi kuratori tomonidan yuborilgan 15,8 ming AQSH dollari evaziga o‘z nomiga sotib olib, laboratoriyani jihozlash uchun 5 ming AQSH dollari sarflaganligi hamda joriy yilning yanvar oyida 11,7 kg “Mefedron” narkotik moddasini tayyorlab, kuratori ko‘rsatmasi asosida, xufiyona joyga joylashtirib, uning lokatsiyasini xo‘jayiniga jo‘natganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, mazkur shaxslar tomonidan Chirchiq shahrida ijaraga olingan omborga 400 litr prekursorlar yashirib qo‘yilganligi ham aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda, ularga nisbatan DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

O'xshash maqolalar