2026 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi va to‘lovlar onlayn tizimlar orqali amalga oshiriladi.
Onlayn to‘lov tartibining afzalliklari:
- istalgan joyda va vaqtda amalga oshirish mumkin;
- bankka borish va navbatda turish shart emas, vaqtni tejaydi;
- hisobni oson tekshirish va nazorat qilish mumkin;
- to‘lov cheklarini onlayn yuklab olish mumkin;
- xizmat ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni ta’minlab, xizmat uchun noqonuniy to‘lov undirish, undirilgan mablag‘larni kirim qilmasdan o‘zlashtirish holatlarini bartaraf etish orqali sohada yashirin iqtisodiyot hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Endi chiqindi xizmatlari uchun aholi qilgan to‘lovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi sanitar korxona hisobiga emas, balki davlat nazoratiga ya’ni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Undan so‘ng operatorga alohida tartib asosida mahallalardan olib chiqib, poligonga joylashtirgan chiqindini tonnasi hamda maxsus texnikaning yurgan kilometri hisobida faqatgina ko‘rsatgan xizmati uchungina to‘lab beriladi.
Endi har oy xizmat ko‘rsatuvchi sanitar korxonalar faoliyati baholab borilib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Bu baholash korxonalarga haq to‘lashda inobatga olinib, sifatli xizmat qilmaganlar jarimaga tortiladi va bitim bekor qilinib, biriktirilgan hudud qaytarib olinadi.
⏺Jumladan, hozirgi paytda 14 ta korxona “qizil” toifada jarimaga tortilib, ularning ikkitasi bilan tuzilgan bitim bekor qilingan va haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 11,9 mlrd so‘m noreal debitor qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarilgan.
⏺«Toza Makon» yagona elektron billing tizimida respublika bo‘yicha 9 430 ta mahalla, 7,1 mln abonent hamda elektron xaritaga 3 606 ta chiqindi yig‘ish joyi kiritilgan.
⏺Chiqindi tashiydigan 3 230 ta ya’ni 94 foiz maxsus texnika GPS bilan kuzatilyapti.
⏺ Hozirda 846 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 645 ta texnika onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinmoqda. 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. Demak soha to‘liq nazorat qilinyapti.
Billing tizimi elektr bilan integratsiya qilinishi barobarida soha raqamlashtirilishi va unga ko‘ra korxonalardan sifatli xizmatni talab qilishda alohida nazorat o‘rnatilgani ham ayni muddao bo‘ldi.


